Erta turmush — shoshma-shosharlik oqibati

Bugungi kunda jamiyatimizni tashvishlantirayotgan eng og‘riqli masalalardan biri — erta turmush va erta tug‘ruqning salbiy oqibatlaridir. Ayniqsa, hozirgi zamonda yosh qizlarimiz jismonan va ruhan hayotga to‘liq tayyor bo‘lmagan bir paytda oila qurishga majburlanayotgani achinarli holdir.

Afsuski, ayrim ota-onalar farzandlarining yoshi, ruhiy holati, hayotga tayyor yoki tayyor emasligiga yetarlicha e’tibor qaratmasdan, “boshini ikkita qilish”ga shoshilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu shoshma-shosharlikning oqibati esa janjal, ajrim va buzilgan taqdirlar bilan yakunlanmoqda.

Yaqinda bir oilaviy janjalga bevosita guvoh bo‘ldim. Ushbu holatda yosh kelin-kuyovdan ko‘ra, ota-onalarning mas’uliyatsizligi ko‘proq namoyon bo‘ldi. Savol tug‘iladi: bunday holatlarda kim aybdor? Yoshlarmi yoki ularni hayotga tayyorlamasdan turib turmushga uzatgan ota-onalarmi?

Javob aniq — bu yerda asosiy ayb shoshqaloqlikka berilgan ota-onalardadir.

Hali oila nima ekanini to‘liq anglab yetmagan yigit-qizlar ota-onaning orzu-havaslari, dabdabali to‘y qilish istagi, “falonchining to‘yi zo‘r bo‘ldi” degan gaplarga ergashish qurboni bo‘lmoqda.

Ayrim hollarda esa mas’uliyatdan tezroq qutulish maqsadida el-yurtga osh berilib, farzand taqdiri ikkinchi o‘ringa surilmoqda.

Yana bir xavotirli jihat — ayrim insonlarning yashirincha shar’iy nikoh o‘qitib, bu orqali muammolardan qochaman, deb o‘ylashi. Aslida esa bunday harakatlar yanada og‘ir oqibatlar, balolarga sabab bo‘layotganini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Oila va nikoh — muqaddas. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam nikohni o‘z sunnatlari deb bilganlar va: “Kimki mening sunnatimdan voz kechsa, u mening ummatimdan emas”, deb marhamat qilganlar. Demak, oila qurish faqat to‘y qilish emas, balki ulkan mas’uliyat, sabr va tayyorgarlikni talab qiladi.

Keksa otaxon-onaxonlarimiz yoshlarimizga oila muqaddasligini to‘g‘ri anglatishi, ota-onalar esa farzandlarini yoshlikdan odob-axloqqa, poklikka, oilaviy mas’uliyatga o‘rgatishi shart. Qizlarimiz uy-ro‘zg‘or ishlariga, pazandalikka, oiladagi qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lishga tayyorlansa, yigitlarimiz Vatanga, oilaga sadoqatli, bilimli va mas’uliyatli qilib tarbiyalanishi lozim.

Unutmaslik kerak, farzand baxtsiz bo‘lsa, ota-ona ham hech qachon baxtiyor bo‘lolmaydi. Har bir ota-ona farzandining baxtini ko‘rishni orzu qiladi. Shu bois shoshma-shosharlik emas, ongli qaror, mas’uliyat va mehr ustuvor bo‘lishi kerak.

Ilohim, har bir ota-ona farzandlarining baxti va kamolini ko‘rib yashashni nasib etsin.

X.Ibragimova

Angor tuman bosh otinoyisi

0 izox

Izox qoldirish