Sud organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish

Korrupsiya har qanday davlatning huquqiy tizimi va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi salbiy illat hisoblanadi. Ayniqsa, sud organlarida korrupsiya mavjud bo‘lishi fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, qonun ustuvorligiga putur yetkazadi. Shu bois sud tizimida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Sud tizimida korrupsiyaning kelib chiqishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Jumladan, sudyalarning ish yuklamasining yuqoriligi, moddiy ta’minotning yetarli darajada emasligi, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarining sustligi, inson omili ta’sirining yuqoriligi shular jumlasidandir. Shuningdek, huquqiy ong va huquqiy madaniyatning pastligi ham korrupsiyaga sharoit yaratadi.

Sud organlarida korrupsiyaning avj olishi jamiyatda qonunga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari poymol etilishiga olib keladi. Adolatli qaror chiqishi o‘rniga shaxsiy manfaatlar ustuvor bo‘lib qoladi. Bu esa davlatning demokratik tamoyillariga va xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sud organlarida korrupsiyaning oldini olish uchun, avvalo, qonunchilik bazasini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Sudyalarni tanlash va tayinlash jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur.

Shuningdek, raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali inson omilini kamaytirish muhim hisoblanadi. Elektron sudlov, avtomatlashtirilgan ish taqsimoti, ochiq sud qarorlari bazasi korrupsiya xavfini sezilarli darajada pasaytiradi.

Sudya va sud xodimlarida halollik, vijdon, mas'uliyat kabi axloqiy qadriyatlarni shakllantirish ham muhim vazifadir. Doimiy ravishda o‘quv-seminarlar o‘tkazish, korruptsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirish orqali bu sohada ijobiy natijalarga erishish mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, sud organlarida korrupsiyaning oldini olish masalasi alohida ahamiyat kasb etadi, chunki sud hokimiyati adolatni ta’minlovchi, qonun ustuvorligini kafolatlovchi mustaqil tarmoq hisoblanadi. Sud tizimida har qanday korrupsiyaviy holat fuqarolarning davlatga va qonunga bo‘lgan ishonchini susaytiradi.

O‘zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish quyidagi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – unda qonun ustuvorligi, sud hokimiyatining mustaqilligi va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi mustahkamlangan;

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun – korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini belgilab beradi.

“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun – sud hokimiyatining asosiy printsiplari, sud`yalarning mustaqilligi va daxlsizligini kafolatlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, jumladan, sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan hujjatlar

Sudyalar odob-axloq kodeksi – sudyalarning kasbiy va axloqiy xulq-atvor qoidalarini belgilaydi.

Ushbu hujjatlar sud tizimida korrupsiyaning oldini olish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Sud organlarida korrupsiyaning asosiy ko‘rinishlari

Amaliyotda sud organlarida korruptsiya quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin:

sud qarorlarini manfaatdor shaxs foydasiga chiqarish;

poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish;

ishlarni sun’iy ravishda cho‘zish yoki tezlashtirish;

tashqi bosim yoki manfaatlar ta‘sirida qaror qabul qilish.

Bunday holatlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga to‘liq zid hisoblanadi.

Korrupsiyaning oldini olishda institutsional chora-tadbirlar

Sudyalar faoliyatida halollik, xolislik va mustaqillik asosiy talab hisoblanadi. Sudyalar odob-axloq kodeksiga muvofiq, sudya har qanday shaxsiy manfaatlardan voz kechib, faqat qonun va vijdoniga tayanib qaror qabul qilishi shart.

Shuningdek, sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari belgilangan bo‘lib, korruptsiyaviy xatti-harakatlar uchun qonunga muvofiq javobgarlik muqarrar hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, sud organlarida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish qonunchilikka asoslangan, kompleks va tizimli yondashuvni talab qiladi. O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar sud tizimida shaffoflik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Mazkur chora-tadbirlarning samarali ijrosi fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

S.Bo‘taev, Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining raisi

0 izox

Izox qoldirish