Surxondaryoda Prezident farmoni mazmun-mohiyati tadbirkorlarga tushuntirilmoqda

Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash hamda unda belgilangan imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazish maqsadida Surxondaryo viloyatida soliq xizmati organlari tomonidan hududiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Navbatdagi seminar viloyatning Angor tumanida tashkil etildi
Unda Angor, Sherobod va Muzrabot tumanlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Otabek Umirov va soha mutaxassislari yangi farmon bilan joriy etilayotgan mexanizmlar, soliq yengilliklari hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdilar.
Uchrashuv davomida 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi berilgani alohida ta’kidlandi.
Mazkur tartibga ko‘ra, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalar uchun QQS stavkasi 6 foiz miqdorida belgilangan.
Shu bilan birga, foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilangani hamda mazkur soliq bo‘yicha hisobot taqdim etish majburiyati bekor qilingani ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi.
Qizg‘in muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar va amaliyotda uchrayotgan ayrim masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Viloyat soliq boshqarmasi

0 izox

Izox qoldirish